TOShKENT, 9-iyul — Sputnik. Shanxay Hamkorlik Tashkiloti Toshkent sammiti yakunlari yuzasidan xorijiy mamlakatlar ekspert doiralarining vakillari tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalar kelishi davom etmoqda, deb xabar qilmoqda "Jahon" AA.
Xabarda aytilishicha, Qohira universiteti Osiyo tadqiqotlari markazi direktori o‘rinbosari Ahad Tarabik mintaqa davlatlari siyosiy hayotida yorqin iz qoldirgan ushbu sammit yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirgan.
Shanxay Hamkorlik Tashkiloti katta salohiyatga egadir. Iqtisodiy yo‘nalish — savdo-sotiq, yuk tashish, tabiiy resurslarning ulkan zahirasi va malakali ishchi kuchlarining mavjudligi bu tuzilmaning katta imkoniyatlarga ega ekanligidan dalolat beradi.
O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov juda to‘g‘ri ta’kidlaganidek, ShHTning Xartiyasi va boshqa asosiy hujjatlarida mustahkamlab qo‘yilgan ochiqlik hamda hech qanday blokka qo‘shilmaslik prinsiplariga qat’iy amal qilish va bunday yondoshuvni yanada mustahkamlash o‘ta muhim ahamiyatga egadir.
Shu bilan birga, Hindiston va Pokiston munosabatlarida ixtilof mavjud ekanligini ham e’tibordan soqit qilib bo‘lmaydi. Biroq bu mamlakatlar ShHTdek nufuzli tashkilotga a’zo davlat maqomini olish yo‘lidagi majburiyatlarni qabul qilgani ular o‘rtasidagi keskinlikka barham berishga, bahsli masalalarning bosqichma-bosqich hal etilishiga ko‘maklashishiga umid qilamiz.
Umuman olganda, ko‘rinib turganidek, ShHT rivojlanayotgan infratuzilmasi bilan mintaqaviy integratsiya va kooperatsiyaga xizmat qiladigan amaliy vositaga ega bo‘lgan qudratli tashkilotga aylanishda davom etmoqda", — deya o‘z fikrlarini bayon qilgan Ahad Tarabik.