TOShKENT, 30 apr — Sputnik. Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasining (YeIK) bojxona hamkorligi bo‘yicha vaziri Sergey Shklyayev O‘zbekistonning YeIKdagi vakolatli vakili Fanil Kadirov hamda Bojxona qo‘mitasining Rossiyadagi vakili Rovshan Akramov bilan uchrashdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va YeOII o‘rtasida bojxona hamkorligini rivojlantirish, bojxona ma’lumotlari almashinuvini yo‘lga qo‘yish va O‘zbekistonning YeOII Yagona bojxona tranziti tizimi to‘g‘risidagi bitimga qo‘shilishi bo‘yicha keyingi qadamlar muhokama qilindi.
Tomonlar yuk tashishni kuzatishda navigatsiya plombalaridan foydalanish masalasiga ham alohida e’tibor qaratdi.
Bunday tizim yuk harakatini nazorat qilish, bojxona jarayonlarini shaffoflashtirish va halol biznes uchun ortiqcha to‘siqlarni kamaytirishga xizmat qilishi qayd etildi.
YeOIIda tashishlarni kuzatish uchun navigatsiya plombalarini qo‘llash to‘g‘risidagi bitim 2026-yil 11-fevraldan kuchga kirgan. Shu davrdan buyon YeOII hududida elektron navigatsiya plombalari orqali 30 mingtadan ortiq yuk tashilgan.