TOShKENT, 30 apr — Sputnik. Rossiya prezidenti Vladimir Putin amerikalik hamkasbi Donald Tramp bilan telefon suhbatida G‘alaba kuni munosabati bilan sulh e’lon qilishga tayyorligini ma’lum qildi. Bu haqda Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov xabar berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh prezidenti bu tashabbusni faol qo‘llab-quvvatlagan.
“Tramp bu tashabbusni faol qo‘llab-quvvatlab, bayram Ikkinchi jahon urushida natsizm ustidan qozonilgan umumiy g‘alabamizni nishonlashini ta’kidladi”, — dedi Kreml vakili.
Ushakovning aytishicha, suhbat Moskva tashabbusi bilan bo‘lib o‘tgan va bir yarim soatdan ortiq davom etgan. U muloqot “do‘stona, ochiq va ishchan” ruhda o‘tganini ta’kidladi.
O‘tgan yili G‘alabaning 80-yilligi munosabati bilan Putin 8-may soat 00:00 dan 11-may soat 00:00 gacha sulh e’lon qilgan edi. Moskva ma’lumotlariga ko‘ra, Kiyev o‘sha uch kun ichida Rossiya chegarasiga hujum qilishga besh marta muvaffaqiyatsiz urinish qilgan.
Ushakovning qo‘shimcha qilishicha, Putin va Tramp Vladimir Zelenskiy yevropaliklar tomonidan “gijgijlanayotgani” va mojaroni cho‘zishga urinayotgani borasida yakdil fikrda bo‘lishgan.
Rossiya prezidenti Trampga Kiyev Rossiya hududidagi sof fuqarolik obyektlariga hujum qilib, “ochiqdan-ochiq terrorchilik usullariga” murojaat qilayotganini aytgan.
Putin, shuningdek, Rossiya qo‘shinlari tashabbusni ushlab turgani va Ukraina Qurolli kuchlari pozitsiyalarini qisib kelayotganini ma’lum qilgan. U maxsus harbiy operatsiyaning maqsadlariga har qanday holatda ham erishilishini ta’kidlagan.
Ushakovning so‘zlariga ko‘ra, Oq uy xo‘jayini Ukrainadagi mojaroni tugatadigan kelishuv yaqinligiga ishonadi.
Suhbatda boshqa xalqaro masalalar ham muhokama qilindi.
Putin Trampga nisbatan suiqasd urinishini keskin qoraladi va uni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Rossiya prezidenti AQSh rahbarining Eronga nisbatan o‘t ochishni to‘xtatish rejimini uzaytirish haqidagi qarorini to‘g‘ri deb atadi.
Putin Tehron yadroviy dasturi bo‘yicha kelishmovchiliklarni hal qilish variantlarini taklif qildi.
Moskva AQShning Eronga qarshi quruqlikdagi operatsiyasi variantini xavfli deb hisoblashini bildirdi.
Rossiya Eron, Fors ko‘rfazi davlatlari, Isroil va AQSh bilan faol aloqalarni davom ettiradi.
Putin, shuningdek, Melaniya Trampni tug‘ilgan kuni bilan tabriklab, uning Rossiya va Ukraina oilalarini bolalari bilan birlashtirishdagi faoliyatini qayd etgan.
Bundan tashqari, yetakchilar iqtisodiyot va energetika sohalarida o‘zaro manfaatli loyihalar istiqbollarini muhokama qildi. Suhbat yakunida Putin va Tramp iliq xayrlashgani ma’lum qilindi.