Haj–2026 mavsumi 2-maydan boshlanadi

Ziyoratchilar 9 ta shahardagi aeroportlardan Madinaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri uchadi.
Sputnik
TOShKENT, 29 apr — Sputnik. O‘zbekistonda 2026-yilgi Haj mavsumi 2-maydan boshlanadi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 18-mayga qadar har kuni O‘zbekistondan Saudiya Arabistoniga aviaqatnovlar amalga oshiriladi.
Ziyoratchilar mamlakatning 9 ta hududi — Toshkent, Namangan, Farg‘ona, Andijon, Samarqand, Buxoro, Qarshi, Termiz va Urganch shaharlaridagi aeroportlardan Madina shahriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri uchadi.

O‘zbekistonlik ziyoratchilarni Madina shahriga yetkazish Saudiya Arabistonining "FlyAdeal" aviakompaniyasi tomonidan amalga oshiriladi. Hojilarni O‘zbekistonga qaytarish esa "Uzbekistan Airways" zimmasiga yuklatilgan.

Ziyoratchilar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, meningit kasalligiga qarshi emlangan. Bo‘lg‘usi hojilarning rasmiy Haj vizalari va boshqa zarur hujjatlarini rasmiylashtirish yakunlangan. Ziyoratchilarga guruh rahbarlari biriktirilib, safar oldi mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda.
Har bir ziyoratchiga “Haj — buyuk ibodat” qo‘llanmasi, sumka, nimcha, termos, soyabon, sim-karta va quvvatlagich taqdim etilmoqda.
Ayni paytda Saudiya Arabistonida bo‘lib turgan Haj–2026 mavsumi ilk ishchi guruhlari hamkor tashkilotlar bilan birga mehmonxonalar, Mino va Arofot vodiylarida ziyoratchilar uchun sharoitlarni tayyorlash bo‘yicha ish olib bormoqda.
Haj safarida yangi tartib: qaysi kasalligi borlar ziyoratga borolmaydi?