TOShKENT, 26 apr — Sputnik. Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi YeOII mamlakatlarida iqtisodiy hamkorlikning BMT Barqaror rivojlanish maqsadlariga ta’siri haqidagi hisobotni e’lon qildi.
Unda YeOII doirasidagi hamkorlik iqtisodiy o‘sish, ish o‘rinlari, sanoat, infratuzilma va aholi farovonligini oshirishga xizmat qilayotgani qayd etilgan.
Hisobotda ta’kidlanishicha, YeOII doirasidagi hamkorlik BMTning 2030-yilgacha bo‘lgan kun tartibida belgilangan maqsadlar bilan uyg‘un. Bu, ayniqsa, munosib mehnat va iqtisodiy o‘sish, sanoatlashtirish va infratuzilma, tengsizlikni kamaytirish hamda barqaror rivojlanish yo‘lidagi hamkorlik kabi yo‘nalishlarda namoyon bo‘lmoqda.
YeIK ma’lumotlariga ko‘ra, YeOII mamlakatlaridagi ko‘rsatkichlar iqtisodiyotda ijobiy o‘zgarishlar va aholi farovonligi oshganini ko‘rsatmoqda. Hisobotda Ittifoq davlatlarida ishsizlik darajasi boshqa rivojlangan mamlakatlar va integratsion birlashmalarga nisbatan pastroq ekani ham qayd etilgan.
Shuningdek, YeOII mamlakatlari iqtisodiy rivojlanish darajasi bir-biriga yaqinlashib borayotgani ta’kidlandi. Komissiya xulosasiga ko‘ra, mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik a’zo davlatlarda barqaror va sifatli o‘sishni qo‘llab-quvvatlovchi muhim omilga aylanmoqda.
Barqaror rivojlanish maqsadlari 2015-yilda BMT tomonidan qabul qilingan bo‘lib, 2030-yilgacha bo‘lgan davrda 17 ta yo‘nalishni o‘z ichiga oladi.
YeOII
Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) - 2015-yil 1-yanvardan faoliyat yuritib kelayotgan xalqaro iqtisodiy birlashma. Ittifoqqa hozir Rossiya, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston va Qirg‘iziston a’zodir. O‘zbekiston 2020-yilda YeOIIda kuzatuvchi maqomini oldi. Moldova, Kuba, Eron ham kuzatuvchi maqomiga ega.