O‘zbekiston va YeOII

O‘zbekiston YeOIIning yangi Sanoat raqamli portaliga jalb etiladi: bu nima beradi?

O‘zbekistonni YeOIIning Sanoat raqamli portaliga jalb etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Platforma korxonalarga YeOIIda sheriklar va hamkorlik loyihalari ma’lumotlariga chiqish imkonini kengaytiradi
Sputnik
TOShKENT, 22 apr — Sputnik. O‘zbekiston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII)da yangi tashkil etilgan Sanoat raqamli portali faoliyatiga jalb etiladi. Bu bo‘yicha 21-aprel kuni Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov hamda Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasining Sanoat va agrosanoat majmuasi bo‘yicha vaziri Goar Barsegan uchrashuvida kelishuvga erishildi.
Muzokaralar chog‘ida tomonlar 2026–2028 yillarga mo‘ljallangan yangi rejani tayyorlash jarayonini jadallashtirishga ham kelishib oldi. Shuningdek, joriy yilda Toshkent shahrida qo‘shma ishchi guruhning 5-yig‘ilishini o‘tkazish rejalashtirilgan.
Qayd etilishicha, 2025-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonning YeOII mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi 25 foizga o‘sib, 20 milliard dollardan oshdi. O‘zbekiston umumiy tashqi savdo aylanmasida YeOII ulushi qariyb 25 foizni, eksportda esa qariyb 30 foizni tashkil etdi.
YeIK bilan 2024–2026 yillarga mo‘ljallangan uch yillik chora-tadbirlar rejasi doirasida qo‘shma ishchi guruh formatida o‘zaro hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Ma’lumot uchun: Sanoat raqamli portali — bu YeOII makonidagi sanoat korxonalari, mahsulotlar, texnologiyalar va loyihalar haqidagi ma’lumotlarni bir joyga jamlaydigan platforma bo‘lib, u korxonalarga hamkor topish va kooperatsiya zanjirlariga kirishni yengillashtirishi kutilmoqda.
O‘zbekiston va YeOII
Barsegan: O‘zbekiston va YeOII iqtisodiyotlari bir-birini to‘ldirib turadi