TOShKENT, 22 apr — Sputnik. Farg‘onada veloshosse bo‘yicha xalqaro Fergana Grand Prix musobaqasi yakunlandi. 2-bosqichda O‘zbekiston vakili Nikita Svetkov 141 kilometrlik masofani 3:25:41 vaqt bilan bosib o‘tib, marraga birinchi bo‘lib yetib keldi. Bu haqda MOQ matbuot xizati xabar berdi.
Ikki bosqich yakuniga ko‘ra, Svetkov musobaqa umumiy hisobida ham g‘olib bo‘ldi. Ikkinchi o‘rinni ispaniyalik Xuan Pedro Losano, uchinchi o‘rinni esa belaruslik Raman Tishkov egalladi.
Turnir 20–21 aprel kunlari Farg‘onada o‘tkazildi va u UCI taqvimidagi 2.2 toifali xalqaro ko‘p bosqichli shosse poygasi hisoblanadi. Musobaqaning 1-bosqichida Xuan Pedro Losano g‘olib chiqqan, Svetkov esa ikkinchi bo‘lgan edi.
Farg‘onadagi musobaqalarda O‘zbekiston va boshqa davlatlardan 150 ga yaqin sportchi qatnashdi. Erkaklar bellashuvi bilan birga Grand Prix Fergana Ladies poygasi ham o‘tkazildi.