Samarqand forumi yakunlari: deklaratsiya, dron bo‘linmasi va yoshlar sammiti

Samarqanddagi xalqaro forum yakunlariga ko‘ra, giyohvandlikka qarshi kurash bo‘yicha Samarqand deklaratsiyasi qabul qilindi, Qirg‘iziston uchuvchisiz bo‘linmasini namoyish etdi va yoshlar sammiti o‘tkazildi
Sputnik
TOShKENT, 22 apr — Sputnik. Samarqandda transmilliy giyohvandlik tahdidlariga qarshi kurash bo‘yicha xalqaro forum yakunlariga ko‘ra, giyohvandlikka qarshi kurashda yangi yondashuvlarni belgilab beruvchi Samarqand deklaratsiyasi qabul qilindi. Bu haqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri xabar berdi.
Hujjat narkotik tahdidlarga qarshi tarqoq kurashdan tizimli va xalqaro miqyosda muvofiqlashtirilgan siyosatga o‘tishni nazarda tutadi. Unda kuch ishlatish choralari bilan birga profilaktika va davolashga ham e’tibor qaratish, moliyaviy oqimlarni aniqlash, kriptoaktivlarni bloklash va sintetik moddalar ishlab chiqarish kanallarini tugatish taklif etilmoqda.
BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasining Afg‘oniston, Markaziy Osiyo, Eron va Pokiston bo‘yicha mintaqaviy vakili o‘rinbosari Aleksandr Fedulov Markaziy Osiyoni hozirgi va kelajak avlod uchun xavfsizlik, salomatlik va farovonlik hukm suradigan giyohvand moddalardan xoli hududga aylantirish bo‘yicha qaror qabul qilinganini ta’kidladi.
Forum doirasida Qirg‘iziston Markaziy Osiyoda giyohvandlik tahdidlariga qarshi kurash bo‘yicha birinchi uchuvchisiz bo‘linmani taqdim etdi.
BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasining Qirg‘izistondagi dasturiy ofisi rahbari Andrey Seleznevning aytishicha, Rossiya homiyligi va Qirg‘iziston IIV ko‘magida tashkil etilgan mazkur bo‘linma 200 dan ortiq operatsiyada qatnashib, 7 tonnadan ziyod giyohvand moddalarni musodara qilgan.
Shuningdek, Issiqko‘lda uchuvchisiz texnologiyalar markazini tashkil etish rejasi ma’lum qilindi. U dron operatorlarini tayyorlash, dronlar yordamida jinoyatchilikka qarshi kurashish, raqamli kriminalistika va giyohvand moddalar savdosi hamda uyushgan jinoyatchilikka qarshi laboratoriyani o‘z ichiga oladi.
Samarqandda forum doirasida xalqaro yoshlar sammiti ham bo‘lib o‘tdi. Unda turli mamlakatlardan kelgan yoshlar giyohvandlik jinoyatlariga qarshi qaratilgan loyihalar va startaplarini taqdim etdi. Sammitda giyohvandlik va psixotrop moddalarga ruju qo‘yish oqibatlari haqida sahnalashtirilgan chiqish ham namoyish etildi.
Mirziyoyev narkotahdidlar bo‘yicha forumga murojaat yo‘lladi: asosiy raqamlar va takliflar