TOShKENT, 21 apr — Sputnik. Rossiyaning Udmurtiya viloyati O‘zbekiston bilan iqtisodiy aloqalarni kengaytirmoqchi. Bu haqda Sputnik O‘zbekiston multimedia matbuot markazida Udmurtiya iqtisodiyot vaziri Anna Slugina ma’lum qildi.
Uning aytishicha, Udmurtiya Toshkentdagi forumga bejiz kelmagan, chunki respublika O‘zbekiston bilan yaqin iqtisodiy aloqalarga ega. Rossiya hududi bu yerga kriogen va issiqlik uskunalari, sanoatda qo‘llaniladigan shaxsiy himoya vositalari, neft qazib olish uskunalari va boshqa turli mahsulotlar bilan kelgan.
Shuningdek, delegatsiya tarkibida ta’lim muassasalari vakillari, media va IT-kompaniyalar ham bor.
Sluginaning ta’kidlashicha, Udmurtiyada qayta ishlash sanoatining ko‘plab yo‘nalishlari rivojlangan va hudud aynan shu salohiyatni O‘zbekiston bozorida kengaytirishni ko‘zlamoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda O‘zbekistondagi jadal rivojlanish fondida mavjud aloqalarni yanada mustahkamlash va kengaytirish rejalashtirilgan.
Vazirning aytishicha, o‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, Udmurtiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi tashqi savdo aylanmasi 29 foizga oshgan. Udmurtiya O‘zbekistondan asosan to‘qimachilik mahsulotlari, plastmassa, sabzavot, mevalar va quruq mevalarni import qiladi.
O‘zbekistonga esa, asosan, turli yo‘nalishdagi sanoat uskunalari yetkazib beriladi. Shu bilan birga, tomonlar turizm va qurilish xizmatlari sohalaridagi aloqalarni ham rivojlantirish niyatida.