Onlayn savdoda sotuvchilar qatorida marketpleyslar uchun ham javobgarlik joriy etilmoqda

O‘zbekistonda marketpleyslarning xaridor oldidagi mas’uliyatini oshirish va bond omborlari orqali onlayn savdoni sinovdan o‘tkazish rejalashtirilmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 21 apr — Sputnik. O‘zbekistonda elektron tijoratni tartibga solish kuchaytirilishi mumkin. Xususan, yangi qonunda marketpleyslar — ya’ni onlayn savdo platformalarining iste’molchilar oldidagi mas’uliyatini oshirish nazarda tutilmoqda.
Bu haqda NAPPning Elektron tijoratni rivojlantirish va tartibga solish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Ahmadjon Jo‘rayev Innoprom-2026 sessiyasida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, “Elektron tijorat to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahriri allaqachon tayyorlangan va hozir Senatda ko‘rib chiqilmoqda.
Jo‘rayev aytishicha, hujjatda bozorning barcha ishtirokchilari — platformalar va sotuvchilarning huquq hamda majburiyatlari aniq belgilab qo‘yilgan.
Shuningdek, marketpleyslarning iste’molchi oldidagi subsidiar javobgarligi joriy etilishi kutilmoqda. Bu, sodda qilib aytganda, ayrim holatlarda xaridor oldida faqat sotuvchi emas, balki platformaning o‘zi ham ma’lum darajada javob beradi, degani.
Shu bilan birga, O‘zbekistonda bond omborlari bo‘yicha huquqiy tajriba ham boshlangan. Bu — import tovarlari maxsus omborda saqlanib, elektron platformalar orqali sotiladigan tizim. Bunday tovarlar uchun ayrim holatlarda pasaytirilgan bojxona to‘lovlari qo‘llanadi.
Jo‘rayevning aytishicha, tovarlarning bir qismi uchun yagona to‘lov 5 foiz, boshqalari uchun esa QQSni hisobga olgan holda taxminan 15 foiz etib belgilangan.
Tajriba ikki yil davom etadi. Uning natijalariga qarab, hokimiyat bu mexanizmni kelgusida doimiy tartibda qo‘llash yoki qo‘llamaslik bo‘yicha qaror qabul qiladi.
Eslatib o‘tamiz, Sputnik O‘zbekiston “Innoprom” ko‘rgazmasining rasmiy axborot hamkori hisoblanadi.
O‘zbekiston va YeOII
YeOIIda yil oxirigacha elektron savdoning meyoriy hujjatlari qabul qilinadi