TOShKENT, 21 apr — Sputnik. Jizzax viloyatida qurilayotgan AESda turli bosqichlarda 12 mingdan 25 minggacha odam ishlashi kutilmoqda.
Bu haqda Innoprom doirasidagi "O‘zbekistondagi AES loyihasi: ko‘lami va sanoat uchun imkoniyatlar oynasi" sessiyasida “Atomstroyeksport” vitse-prezidenti, O‘zbekistonda AES qurish loyihasi direktori Pavel Bezrukov ma’lum qildi, deb xabar bermoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Bezrukovning so‘zlariga ko‘ra, loyiha doirasida ikki turdagi shaharcha barpo etiladi. Biri — qurilish maydoni yaqinidagi vaxta shaharchasi, ikkinchisi esa muhandis-texnik xodimlar va ularning oilalari uchun mo‘ljallangan yo‘ldosh shahardir. Ikkinchi shaharcha 5–7 ming kishiga mo‘ljallangan. Ushbu shaharchaning bosh rejasi ishlab chiqilgan.
Ta’kidlanishicha, AES qurilishi O‘zbekiston uchun nafaqat energetika, balki qurilish sanoati, elektrotexnika, mashinasozlik, metall prokati savdosi va boshqa turdosh tarmoqlar rivoji uchun ham muhim turtki bo‘ladi.
Jizzax AESi qurilishi direksiyasi qurilish bo‘yicha direktor o‘rinbosari Otabek Amanovning aytishicha, loyiha infratuzilmani rivojlantirish va kadrlar tayyorlashga ham xizmat qiladi.
Shuningdek, u Jizzax viloyati hokimligi atomchilar shaharchasi, kommunikatsiyalar, temir yo‘l va elektr uzatish tarmoqlari uchun zarur yer uchastkalarini ajratishda faol yordam berayotganini qayd etdi.