TOShKENT, 16 apr — Sputnik. Moskvada O‘zbekiston Migratsiya agentligi direktori Behzod Musayev Rossiyadagi yirik ish beruvchilar rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Uchrashuvlar O‘zbekiston Migratsiya agentligining Rossiyadagi vakolatxonasining yangilangan ofisi ochilishi doirasida bo‘lib o‘tdi, deb xabar qildi “Dunyo” axborot agentligi.
Tadbirda O‘zbekistonning Rossiyadagi elchisi Botirjon Asadov, Rossiya bosh prokurori o‘rinbosari Pavel Gorodov, yuridik kompaniyalar vakillari ham ishtirok etdi.
Shuningdek, “Rossiyada O‘zbekiston fuqarolariga huquqiy yordam ko‘rsatish mexanizmlarini takomillashtirish” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Muhokamalarda Rossiya hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolariga malakali va o‘z vaqtida huquqiy yordam ko‘rsatish, yangi migratsiya siyosati bilan bog‘liq masalalar hamda fuqarolar bilan ishlash jarayonlarini raqamlashtirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.