TOShKENT, 16 apr — Sputnik. O‘zbekistonda tadbirkorlarga moliyaviy jarimaning yarmini to‘lab, qolgan qismidan ozod bo‘lish imkoniyati beriladi. Ushbu norma prezident imzolagan moliyaviy jarimalarni qo‘llash tartibini yanada liberallashtirish va sud nazorati samaradorligini oshirishga qaratilgan qarorda ko‘rsatilgan.
Qarorga ko‘ra, 1-oktabrdan vakolatli organlarning moliyaviy jarimani qo‘llash to‘g‘risidagi qarori tadbirkorning tanloviga ko‘ra quyidagi shakllardan birida ixtiyoriy ijro etilishi mumkin:
moliyaviy jarimani qo‘llash to‘g‘risidagi qaror topshirilgan kundan boshlab 1 oy muddatda jarima miqdorining 50 foizini ixtiyoriy ravishda to‘lash sharti bilan jarimaning qolgan qismini to‘lashdan ozod etish;
qo‘llangan moliyaviy jarima summasini 6 oy davomida teng miqdorlarda bo‘lib-bo‘lib to‘lash;
Jarima to‘g‘risidagi qaror sud tomonidan bekor qilingan yoki haqiqiy emas deb topilgan taqdirda, undirilgan mablag‘lar, shu jumladan, moliyaviy jarima hamda penya yo‘naltirilgan manbalar hisobidan 15 kun muddatda mutanosib ravishda qaytariladi.
Ushbu muddatda qaytarilmagan summaga nisbatan, kechikkan har bir kalendar kun uchun Markaziy bank asosiy stavkasining 300dan biri, ya’ni hozirgi stavka bo‘yicha qariyb 0,047 foiz miqdorida foiz to‘lanadi.