TOShKENT, 14 apr — Sputnik. Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga xos bo‘lgan “Toshkent to‘y oshi” geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Qayd etilishicha, mazkur maqom ushbu taom nomi va uning an’anaviy tayyorlash usulini huquqiy jihatdan himoya qiladi. Shuningdek, u mahsulot sifati davlat meyorlariga muvofiq bo‘lishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Tarixiy va etnografik manbalarga ko‘ra, Toshkent vohasida palov tayyorlash an’anasi asrlar davomida shakllangan. “Toshkent to‘y oshi” odatda tong saharda qalin devorli cho‘yan qozonlarda tayyorlanadi va o‘zbek pazandachiligining o‘ziga xos namunalaridan biri hisoblanadi.
Mutasaddilar fikricha, bu maqom milliy taomni huquqiy himoya qilish, gastronomik turizmni rivojlantirish va milliy brendni targ‘ib etishda muhim ahamiyatga ega.
Ma’lumot uchun: Geografik ko‘rsatkich — mahsulotning muayan hududga mansubligini va uning o‘ziga xos xususiyatlari aynan shu hudud bilan bog‘liqligini tasdiqlovchi intellektual mulk obyektidir