TOShKENT, 14 apr — Sputnik. O‘zbekistonda fuqarolarga xorijdan bo‘layotgan shubhali qo‘ng‘iroqlar soni ortib bormoqda. DXX mazkur usul orqali amalga oshirilayotgan firibgarlik holatlaridan ogohlantirib, ulardan saqlanish yuzasidan tavsiyalar berdi.
Idora ma’lumotiga ko‘ra, bunday qo‘ng‘iroqlar odatiy telefon tarmog‘i orqali emas, balki internet va maxsus dasturlar yordamida amalga oshirilishi mumkin. Shu bois firibgarlar o‘z raqamini yashirib, ekranda boshqa davlat raqamini ko‘rsatadi.
Ta’kidlanishicha, bunday qo‘ng‘iroqlarga javob berish yoki ularga qayta qo‘ng‘iroq qilish xavfli bo‘lishi mumkin.
Xususan, telefon hisobidan mablag‘ yechilishi, bank karta ma’lumotlarini qo‘lga kiritishga urinishlar kuzatilishi, shuningdek raqam “faol” ekani aniqlanib, keyinchalik firibgarlik hujumlari ko‘payishi va ovozingizdan sun’iy intellekt yordamida soxtalashtirilgan holda foydalanilishi mumkin.
Fuqarolarga notanish chet el raqamlarini bloklash, ularga qayta aloqa qilmaslik va shaxsiy hamda moliyaviy ma’lumotlarni hech kimga bermaslik tavsiya etildi.