TOShKENT, 13 apr — Sputnik. Donald Tramp ma’muriyati Eronga qarshi yangi zarbalar berish imkoniyatini muhokama qilmoqda. Bu haqda The Wall Street Journal o‘z manbalariga tayanib ma’lum qildi, deb
xabar berdi RIA Novosti.
Nashr yozishicha, bu variant Islomoboddagi muzokaralar natijasiz yakunlanganidan keyin Oq uyda ko‘rib chiqilgan.
Shu bilan birga, Vashington Eronga bosimni boshqa yo‘nalishda ham kuchaytirdi. AQSh harbiylari Eron portlariga kiruvchi va chiquvchi barcha dengiz transportiga nisbatan blokada boshlanishini rasman e’lon qildi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, blokada 13-aprel kuni Vashington vaqti bilan soat 10:00 da kuchga kirishi bildirildi.
Bayonotga ko‘ra, chora Eronning mazkur hududdagi barcha portlariga tatbiq etiladi. Ayni paytda Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali Eronga tegishli bo‘lmagan portlar tomon harakatlanayotgan kemalarning o‘tishiga to‘sqinlik qilinmasligi qayd etilgan.
Associated Press ta’kidlashicha, Vashington bu orqali bir tomondan Tehronning neft eksportidan tushayotgan tushumlariga zarba berishni, ikkinchi tomondan esa Eronning bo‘g‘oz orqali bosim o‘tkazish imkoniyatlarini cheklashni ko‘zlamoqda.
Vashingtonning yangi qadami nafaqat siyosiy, balki iqtisodiy oqibatlarga ham olib keldi. Ma’lumotlarga ko‘ra, blokada haqidagi bayonotlardan keyin neft narxi keskin ko‘tarildi: Brent markali neft 100 dollardan oshdi, WTI ham sezilarli qimmatlashdi. Tankerlar harakati sekinlashgani va ayrim kemalar Hurmuz bo‘g‘oziga kirishdan tiyilgani haqida ham xabarlar bor.
Ekspertlar esa bu ssenariy oson amalga oshmasligini aytmoqda. Reuters suhbatlashgan mutaxassislarga ko‘ra, bunday blokada ochiq muddatli va katta harbiy resurs talab qiladigan operatsiya bo‘lib, u Tehron tomonidan yangi javob zarbalariga turtki berishi mumkin.
Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi ham harbiy kemalarning bo‘g‘oz yaqiniga kelishini o‘t ochishni to‘xtatish rejimi buzilishi deb baholashini ma’lum qilgan.