TOShKENT, 12 apr — Sputnik. Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi va Rossiyadagi Amerika savdo palatasi o‘rtasidagi muloqot davom etmoqda. Moskvada bo‘lib o‘tgan ushbu palataning 12-yillik konferensiyasida YeIK vakillari texnik tartibga solish, biznes muhiti va raqobat siyosatiga oid masalalarni muhokama qildi.
YeIKning texnik tartibga solish va akkreditatsiya departamenti direktori Serik Qusainov YeOII mamlakatlarida ichki bozorni xavfli mahsulotlardan himoya qilish mexanizmlari yaratilganini ta’kidladi.
Uning aytishicha, endi asosiy e’tibor texnik tartibga solishni raqamlashtirish, texnik reglament va standartlarni takomillashtirish, mahsulot muvofiqligini baholash tartib-taomillarini yangilashga qaratilmoqda.
Qusainov “Yevroosiyo iqtisodiy yo‘li” deklaratsiyasini amalga oshirish rejasi yagona texnik tartibga solish tizimini yangi bosqichga olib chiqish, ichki jarayonlarni takomillashtirish va avtomatlashtirishni nazarda tutishini aytdi.
Shu bilan birga, u majburiy talablarni belgilashda biznes ishtirokini kuchaytirish, ammo iste’molchilar xavfsizligi bilan muvozanatni saqlash muhimligini qayd etdi.
Konferensiyada kimoviy va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi, akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyalar sinov natijalarini o‘zaro tan olish, muvofiqlikni baholash jarayonlarini raqamlashtirish va elektron sertifikatlarga o‘tish masalalari ham muhokama qilindi.
Shu bilan birga, muloqot faqat texnik tartibga solish bilan cheklanmadi. YeIKning iqtisodiyot va moliyaviy siyosat bo‘yicha vaziri Baxit Sultanov biznes uchun shart-sharoitlar, kooperatsiya va xizmatlar bozorini kengaytirish haqida gapirgan, raqobat va antimonopoliya yo‘nalishi vakillari esa transchegaraviy bozorlardagi qoidalarni tushuntirgan.