TOShKENT, 8 apr — Sputnik. Toshkentda 7-aprel kuni “100 ta mahsulot akseleratori” dasturining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Loyiha mahalliy mahsulotlarni, jumladan, "Alibaba" va "Jingdong" kabi yirik marketpleyslar orqali jahon bozorlariga olib chiqishga qaratilgan.
Avvalgi “Eksport akseleratori” dasturida 60 ta kompaniya 83 million dollarlik shartnomalar imzolagani yangi tashabbus uchun asos bo‘ldi. Endi e’tibor milliy brendlarni tashqi bozorlarda mustahkamlash, ularni xalqaro talablarga moslashtirish va onlayn savdo platformalariga olib chiqishga qaratilmoqda.
Dasturning strategik hamkori — Industrial Service Group. Ishtirokchilarga mahsulot tahlili, xalqaro sertifikatlash, logistika va tovarlarni jahon standartlariga moslashtirish bo‘yicha ko‘mak beriladi.
Ayniqsa, Xitoy, Yevropa va AQSh bozorlariga chiqish uchun raqamlashtirish jarayonlariga hamda "Alibaba" va "Jingdong" platformalarida mahsulotlarni joylashtirish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Tadbirda "Chinastone Industrial Service Group", Silikon vodiysidagi AQSh-Xitoy Savdo palatasi va Italiyaning "Zest Innovation" kompaniyasi vakillari ishtirok etdi. Shuningdek, "Jingdong" va "Alibaba" kompaniyalarining O‘zbekistondagi rasmiy vakillari ham qatnashdi.
Uchrashuvlarda o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilar xitoylik investorlar va logistika sohasi mutaxassislari bilan xalqaro hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.