TOShKENT, 6 apr — Sputnik. Rossiya qo‘shinlari frontga yangi "Spirit-030" sputnik aloqa terminallarini ommaviy yetkaza boshlagan. Bu haqda Ukraina mudofaa vaziri maslahatchisi va radiotexnologiyalar bo‘yicha mutaxassis Sergey "Flesh" Beskrestnov o‘z Telegram-kanalida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu qurilma rossiyalik harbiylar uchun "Starlink" o‘rnini bosuvchi variant sifatida ko‘rilmoqda.
Beskrestnovning aytishicha, "Spirit-030" avvalgi rus sputnik terminallaridan farqli o‘laroq, ko‘chma formatda ishlangan va maxsus geostatsionar aloqa yo‘ldoshi bilan ishlaydi.
Shu sababli unda diametri 90 santimetrlik emas, balki 30 santimetrlik antenna qo‘llanadi. Bu esa qurilmani front sharoitida tashishni yengillashtiradi va uni aniqlashni qiyinlashtirishi mumkin.
"Ukrainckaya Pravda" xabariga ko‘ra, Rossiya qo‘shinlari bunday terminallarni 2025-yilning yozidayoq qabul qila boshlagan, 2025-yil sentabr oyida esa ular Belarus-Rossiya qo‘shma "Sprint" mashqlarida ham namoyish etilgan.
Rossiyaning “Zvezda” telekanali esa harbiy xizmatchiga tayanib, “Spirit-030”ni mobil va kamroq ko‘zga tashlanadigan sputnik aloqa vositasi sifatida ta’rifladi. Uning aytishicha, qurilma tez o‘rnatiladi, signali barqaror ishlaydi, sputnik telefoniyasi va boshqa aloqa turlarini ta’minlaydi, uzatiladigan ma’lumotlar esa shifrlangan.