TOShKENT, 30 mar — Sputnik. “Ovjazsoy – Moviy tog‘lar”, “Piskom” va “Farg‘ona” milliy tabiat bog‘larini tashkil etish, shuningdek “Pop” milliy tabiat bog‘i hududini kengaytirish chora-tadbirlari belgilandi. Bu haqda tegishli prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, Toshkent viloyatida ikkita yangi milliy tabiat bog‘i tashkil etiladi. Jumladan, Ohangaron tumanidagi Ohangaron davlat o‘rmon xo‘jaligining “Ovjazsoy” uchastkasida joylashgan 9,2 ming gektar yer maydonida “Ovjazsoy – Moviy tog‘lar” milliy tabiat bog‘i barpo etiladi.
Shuningdek, Bo‘stonliq tumanidagi Burchmulla davlat o‘rmon xo‘jaligining 156,7 ming gektar yer maydonida “Piskom” milliy tabiat bog‘i tashkil qilinadi.
Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston va So‘x tumanlaridagi 13,9 ming gektar davlat zaxira yerlari, shuningdek Farg‘ona va Qo‘qon davlat o‘rmon xo‘jaliklarining 8,9 ming gektar yer maydonlari negizida umumiy maydoni 22,9 ming gektar bo‘lgan “Farg‘ona” milliy tabiat bog‘i tashkil etiladi.
Namangan viloyatida esa Mingbuloq va Pop adirliklaridagi 33,6 ming gektar davlat zaxira yerlari hamda Pop ixtisoslashtirilgan davlat o‘rmon xo‘jaligining 91,2 ming gektar yer maydoni hisobiga “Pop” milliy tabiat bog‘i hududi 125,3 ming gektargacha kengaytiriladi.