TOShKENT, 30 mar — Sputnik. Ijtimoiy tarmoqlarda Jizzax viloyati Forish tumanida elektr tayanchining qulashi oqibatida uch bosh qoramol nobud bo‘lgani haqidagi xabarlarga “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Jizzax hududiy filiali munosabat bildirdi.
Kompaniya matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Forish tumani Garasha qishlog‘i hududida surunkali yomg‘ir va kuchli shamol ta’sirida elektr tarmog‘ida nosozlik yuzaga kelgan. Oqibatda elektr tayanchi qulagan.
Simog‘ochlar qulashi natijasida qoramollarni tok urdi, hayvonlar nobud bo‘ldi.
© Foto : telegram/burgutuzb
Qayd etilishicha, avariyaviy holat tuman elektr ta’minoti bo‘limi xodimlari tomonidan tezkorlik bilan bartaraf etilgan. Hozir hududda elektr energiyasi ta’minoti to‘liq tiklangan.
Shuningdek, fuqaro tomonidan bildirilgan uch bosh chorva molining nobud bo‘lishi bilan bog‘liq moddiy zararni qoplash masalasi yuzasidan murojaat egasiga nizoni sud tartibida ko‘rib chiqish huquqlari bo‘yicha tegishli huquqiy tushuntirishlar berilgan.