TOShKENT, 24 mar – Sputnik. Afg‘onistondan “Termiz-avtomobil yo‘li” xalqaro o‘tkazish punkti orqali kartoshka ko‘rinishida niqoblangan 72 kilogrammdan ortiq narkotik modda olib kirishga urinish fosh etildi. Bu haqda Davlat xavfsizligi xizmati (DXX) matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Surxondaryo viloyati Termiz tumanida yashovchi, 2001-yilda tug‘ilgan fuqaro boshqaruvidagi “MAN” rusumli yuk avtomashinasi mazkur o‘tkazish punktiga kirib kelgan vaqtda DXX Chegara qo‘shinlari va bojxona idoralari xodimlari hamkorligida belgilangan tartibda ko‘rikdan o‘tkazilgan.
Raskrito 72 kg narkoticheskix veshestv, zamaskirovannix pod kartofel
© Press-slujba SGB
Ko‘rik davomida avtomashina yukxonasida kartoshka mahsulotlari borligi aniqlangan. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sinchkovlik bilan tekshirilganda ular orasiga kartoshka ko‘rinishida yasalgan 222 dona bo‘lak yashirilgani ma’lum bo‘lgan.
Ularning ichida jami 72 kg 300 gramm “gashish” moddasi borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu yirik miqdordagi giyohvandlik vositalari Rossiyaga olib ketilishi rejalashtirilgan.
Hozirda holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.