TOShKENT, 16 mar — Sputnik. Ukraina Xavfsizlik xizmati (UXX) Sumi shahriga kirishdagi blokpostda Ukraina Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy burosi (KQKB) xodimini qo‘lga olganini tasdiqladi.
Avvalroq KQKB o‘z Telegram-kanalida xodimi UXX tomonidan “hamkorlik”da ayblanib, asossiz ushlanganini ma’lum qilgan edi.
Mamlakat KQKB bayonotiga ko‘ra, xodimning ota-onasi 2022-yilda Rossiya nazoratiga o‘tgan to‘rt hududdan birida yashayotgani ushbu ayblov uchun asos qilib ko‘rsatilgan. Idora hozirda hodisaning barcha holatlarini o‘rganayotganini bildirgan.
UXX esa o‘z bayonotida Sumi shahriga kirishdagi blokpostlardan birida qo‘shimcha tekshiruv talab etiladigan bir qator belgilarga ega Ukraina fuqarosi aniqlanganini ma’lum qildi.
Maxsus xizmat iddaosiga ko‘ra, erkak ish joyini aytishdan bosh tortgan va shaxsini tasdiqlash uchun “Dіya” ilovasidagi sahifani ko‘rsatgan. Shundan so‘ng unga nisbatan kuchaytirilgan tekshiruv o‘tkazilgan.
Avvalroq Ukraina ommaviy axborot vositalari Oliy rada deputatlariga nisbatan korrupsiya ayblovlari va Ukraina energetikasida mablag‘larni o‘g‘irlash bo‘yicha Yevropa va AQShda shov-shuvga sabab bo‘lgan ishlarning ko‘payishi fonida Kiyev rasmiylarining korrupsiyaga qarshi kurash organlari bilan ziddiyati kuchayib borayotgani haqida xabar bergan edi