TOShKENT, 9 mar — Sputnik. Matvey Zikin 15-yildan beri tog‘larga qiziqib keladi, so‘nggi besh yilda esa O‘zbekistonda professional gid sifatida faoliyat yuritmoqda. U ushbu videoda tog‘ safarlarini endi boshlayotganlar uchun muhim maslahatlar berdi.
Matveyning ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda tog‘ safarlari ancha ommalashgan. Shu bilan birga, hozir tajribasiz va litsenziyasiz holda odamlarni tog‘ga olib chiquvchilar ham uchrab turibdi.
Uning aytishicha, sertifikatlangan gidda maxsus beydjik bo‘ladi va undagi QR-kod orqali gid haqidagi ma’lumotlarni tekshirish mumkin.
Matvey O‘zbekistonda qiziqarli yo‘nalishlar ko‘pligini ta’kidlaydi. Uning fikricha, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlaridagi tog‘lar yetarlicha baholanmagan. Bu hududlarda nafaqat go‘zal manzaralar, balki qadimiy qishloqlar ham bor.
Gidning maslahaticha, birinchi safarni yengil yo‘nalishlardan boshlagan ma’qul. Aks holda, dastlabki qiyin tajriba odamda tog‘ safarlariga bo‘lgan qiziqishni so‘ndirib qo‘yishi mumkin.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ishtirokchilarning eng ko‘p xatosi — beparvolik. Ko‘pchilik oldindan berilgan tavsiyalarni o‘qimaydi, o‘zlari bilan nima olish, qanday kiyinish va nimalarga tayyor turish kerakligiga yetarlicha e’tibor bermaydi.
Matveyning tushuntirishicha, yengil safarlarga hatto sport bilan muntazam shug‘ullanmaydiganlar ham chiqishi mumkin. Ammo o‘rta darajadagi yo‘nalishlar uchun kamida piyoda yurishga odatlanish va jismoniy tayyorgarlik zarur.
Uning ta’kidlashicha, tog‘da eng qiyin bosqichlardan biri pastga tushish hisoblanadi. Chunki tepaga ko‘tarilishda kuch sarflanadi, jarohatlar esa ko‘pincha aynan qaytish yo‘lida yuz beradi. Shuning uchun kuchni to‘g‘ri taqsimlash muhim.
Yangi boshlovchilar uchun minimal ekipirovka to‘plamiga qulay poyabzal, uzun shim, yengi uzun kiyim va quyoshdan himoya qiluvchi bosh kiyim kiradi. Shuningdek, rukzak, quyoshdan himoya kremi, ko‘zoynak va kichik dori qutichasini ham olish tavsiya etiladi.
Tamaddi uchun esa tez hazm bo‘ladigan mahsulotlar — batonchik, yong‘oq kabilar ma’qul. Bundan tashqari, bodring yoki pomidor olish va eng muhimi, yetarlicha suv zaxira qilish zarur