TOShKENT, 5 mar — Sputnik. Qarshi va Buxoroda dehqon bozorlari savdo nuqtalarini noqonuniy sotgan mansabdorlar qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, savdo joylari aslida auksion orqali sotilishi kerak bo‘lgan, ammo ular shaxsiy moddiy manfaatdorlik evaziga fuqarolarga noqonuniy tarzda taklif qilingan.
Jumladan, Qarshi shahrida dehqon bozori raisi va nazoratchisi til biriktirib, bozor hududidagi 110 kv metrlik yangi savdo do‘konini rasmiylashtirib berish evaziga fuqarodan 80 ming dollar talab qilib, 30 ming dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shuningdek, Buxoro shahrida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ulgurji bozori rahbari va ish yurituvchisi bozor hududidan 120 kv metr yer maydoni ajratib berish evaziga 11 ming dollar olgan vaqtida qo‘lga olingan.
Holatlar DXX va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida fosh etilgan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va boshqa tegishli moddalar bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.
Tergov harakatlari olib borilmoqda.