TOShKENT, 1 mar — Sputnik. Toshkentda boshlangan dzudo bo‘yicha “Katta dubulg‘a” turniri musobaqalarining birinchi kunida O‘zbekiston terma jamoasi vakillari 3 ta medal qo‘lga kiritdi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.
-73 kg vazn toifasida Shahram Ahadov finalgacha ishonchli yetib bordi, ammo hal qiluvchi bellashuvda tojikistonlik Orif Abdulloiga mag‘lub bo‘lib, kumush medal bilan cheklandi.
-73 kg vazn toifasida bronza uchun kechgan bahs ikki o‘zbekistonlik sportchi — Muhammad Jumayev va Elbek Tojiyev o‘rtasida o‘tdi. Qiziqarli va keskin kurashda Tojiyev ustun kelib, bronza medalga sazovor bo‘ldi.
-81 kg vazn toifasida Murodjon Yo‘ldoshev bronza medalini qo‘lga kiritdi. U shohsupa uchun bahsda Arslon Tojiyevni mag‘lub etdi.
Eslatib o‘tamiz, turnirning tantanali ochilish marosimi 28-fevral kuni Toshkentdagi “Humo arena” majmuasida bo‘lib o‘tdi. Unda Xalqaro dzudo federatsiyasi prezidenti Marius Vizer, O‘zbekiston Sport vazirligi, MOQ hamda mamlakat dzudo federatsiyasi rahbariyati ishtirok etdi.