TOShKENT, 23 fev — Sputnik. Toshkent shahrida 9 million dollarlik yer maydonini noqonuniy sotishga urinish holati fosh etildi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 1953-yilda tug‘ilgan, muqaddam bir necha marotaba sudlangan ayol 1982-yilda tug‘ilgan tanishi bilan til biriktirgan. Ular Yunusobod tumanida tadbirkorlik subyektiga tegishli, ammo hozirda taqiqda turgan 2 gektar noturar yer maydonini 9 mmillion AQSh dollariga sotishga kelishgan.
Shuningdek, ular mansabdor tanishlari orqali hujjatlarni rasmiylashtirib, yerni turar joy toifasiga o‘tkazib berishni va’da qilgan.
Bu xizmat evaziga xaridordan oldindan 200 ming AQSh dollari olgan vaqtlarida DXHning Toshkent shahar boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdordagi firibgarlik) hamda 28, 211-moddalari (pora berishda ishtirok etish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.