O‘zbekiston – Buratiya hamkorligi: bosh konsul va respublika rahbari uchrashdi

Muzokaralarda savdo-iqtisodiy, qishloq xo‘jaligi va gumanitar sohalardagi hamkorlikni chuqurlashtirish, biznes missiyalarini faollashtirish hamda turizmni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi
Sputnik
TOShKENT, 23 fev — Sputnik. Ulan-Ude shahrida O‘zbekiston bosh konsuli Aslam Akbarov Buratiya Respublikasi rahbari Aleksey Sidenov bilan kengaytirilgan tarkibda uchrashdi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Muzokaralarda savdo-iqtisodiy, qishloq xo‘jaligi va gumanitar sohalardagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Aleksey Sidenov O‘zbekiston bilan mintaqalararo aloqalar izchil rivojlanayotganini ta’kidlab, Qoraqalpog‘iston bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilganini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2025-yil 21–22 oktabr kunlari Moskva viloyatida o‘tgan O‘zbekiston va Rossiya hududlari kengashining ikkinchi yig‘ilishi doirasida Qoraqalpog‘iston va Buratiya o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolangan.
Buratiya rahbari aloqalar iqtisodiy jihatdan muhimligini ta’kidlab, ayniqsa chorvachilik sohasida faol ish olib borilayotganini bildirdi. Shuningdek, O‘zbekiston mutaxassislari Buratiyadagi qurilish loyihalarida ishtirok etayotgani aytildi.
O‘zbekiston tomoni meva-sabzavot mahsulotlari eksportini oshirish, shuningdek, zotdor chorva mollari almashinuvini kengaytirishga qiziqish bildirdi. Biznes missiyalarini muntazam tashkil etish taklif etildi.
Uchrashuvda madaniy-gumanitar hamkorlik va turizmni rivojlantirish masalalari ham ko‘rib chiqildi. Rossiya tomoni O‘zbekistondagi buddizmga oid tarixiy yodgorliklarga qiziqish bildirdi. Xususan, Surxondaryo viloyatidagi Qoratepa va Fayoztepa majmualari ilmiy doiralar uchun katta ahamiyatga ega ekani qayd etildi.
Toshkent viloyati delegatsiyasining Boshqirdistonga tashrifi: Mirzayev orden bilan taqdirlandi