TOShKENT, 18 fev — Sputnik. O‘zbekistonda ilmiy faoliyat sohasidagi tashkilotlarni laboratoriya asbob-uskunalari, sarflov materiallari va butlovchi qismlar bilan ta’minlash tartibi belgilandi. Hukumat qarori bilan tegishli nizom tasdiqlandi.
Nizomga muvofiq, xarid uchun ariza quyidagi shaxslar tomonidan taqdim etiladi:
ilmiy loyihalarda — loyiha rahbari;
ilmiy mavzular bo‘yicha — ilmiy bo‘linma rahbari yoki dasturda tegishli mavzuga rahbarlik qiluvchi shaxs;
dissertatsiya tadqiqotlarida — doktorantning ilmiy rahbari yoki kelishuv asosida ilmiy daraja va unvonga ega doktorantlardan biri.
Arizada ilmiy faoliyat yo‘nalishi ko‘rsatilib, markazlashgan davlat xaridi yoki mustaqil xarid usullaridan biri tanlanadi.
Ariza maxsus axborot tizimi orqali yuboriladi va u tegishli tadqiqotni amalga oshirishga mas’ul tashkilot rahbari tomonidan kelishiladi.
Agentlik shakllantirilgan buyurtmalarni 10 ish kuni ichida belgilangan talablarga muvofiqligini ko‘rib chiqadi. Ma’qullangan arizalar maxsus axborot tizimi orqali Xarid komissiyasiga yuboriladi.