Toshkent viloyati delegatsiyasining Boshqirdistonga tashrifi: Mirzayev orden bilan taqdirlandi

Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzayev Boshqirdiston Respublikasining “Xalqlar do‘stligi” ordeni bilan taqdirlandi. Tashrif doirasida qo‘shma investitsiya loyihalari ham muhokama qilindi.
Sputnik
TOShKENT, 17 fev — Sputnik. Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzayev Boshqirdiston Respublikasining “Xalqlar do‘stligi” ordeni bilan taqdirlandi. Bu haqda Toshkent viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Mukofot Boshqirdiston Respublikasi rahbari Radiy Xabirov imzolagan farmon asosida hududlararo hamkorlikni mustahkamlashga qo‘shgan hissasi uchun berildi.
Ayni paytda Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzayev boshchiligidagi delegatsiya amaliy tashrif bilan Rossiyaning Boshqirdiston Respublikasida bo‘lib turibdi. Tashrifda O‘zbekistonning Rossiyadagi elchisi Botirjon Asadov ham ishtirok etmoqda. Orden Ufa shahrida tantanali ravishda topshirildi.
Tashrif doirasida ikki tomon rasmiylari va ishbilarmon doiralar vakillari ishtirokida kengaytirilgan uchrashuv o‘tkazilib, savdo-iqtisodiy, sanoat va madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishdi. Jumladan, Toshkent viloyatining Bekobod tumanida O‘zbekiston–Boshqirdiston texnoparki tashkil etish va uning qurilishini 2026-yil bahorida boshlash rejalashtirilmoqda. Shuningdek, Toshkent viloyatida asalari mahsulotlari asosida davolash markazi (apiterapiya markazi) ochish, Boshqirdistonda maishiy texnika ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, Igli tumanida chorvachilik loyihasi va Ufada mehmonxona qurish tashabbuslari muhokama qilindi.
Radiy Xabirov O‘zbekistonni Boshqirdistonning xalqaro maydondagi asosiy sheriklaridan biri sifatida e’tirof etdi. Tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni izchil davom ettirishga tayyor ekanini ta’kidladi.
Aprel oyida Boshqirdiston delegatsiyasining “Innoprom. Markaziy Osiyo” ko‘rgazmasida ishtirok etishi kutilmoqda.
Toshkent viloyati–Boshqirdiston: yangi loyihalar va hamkorlik muhokama qilindi