TOShKENT, 15 fev — Sputnik. Fanlar akademiyasi va “Rosatom” davlat korporatsiyasi yadro energetikasi hamda radiatsiya texnologiyalari sohasida qo‘shma ilmiy loyihalarni kengaytirish bo‘yicha ishlarni faollashtirishga kelishib oldi. Bu haqda akademiya matbuot xizmati RIA Novostiga xabar qildi.
Fanlar akademiyasi prezidenti, akademik Shavkat Ayupov va “Rosatom” bosh direktori o‘rinbosari Yuriy Olenin Toshkentda o‘tkazilgan uchrashuvda ikki tomonlama ilmiy-texnik hamkorlikning bugungi holati va istiqbollarini muhokama qildi.
“Tomonlar qo‘shma ilmiy loyihalarni kengaytirish, zamonaviy laboratoriya bazasini takomillashtirish va innovatsion ishlanmalarni amaliyotga joriy etish bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlash zarurligini qayd etdi”, — dedi akademiya vakili.
Uchrashuvda yadro energetikasi va yadro fizikasi sohasidagi hamkorlik, radiatsiya texnologiyalarini rivojlantirish, ilmiy-tadqiqot infratuzilmasini modernizatsiya qilish, yosh mutaxassislarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, ilmiy tajriba almashish, stajirovkalar tashkil etish, qo‘shma seminar va konferensiyalar o‘tkazish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Uchrashuv yakunida Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi instituti direktori Ilhom Sodiqov ikki tomonlama ilmiy hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun “Rosatom”ning 80-yilligi munosabati bilan yubiley medali bilan taqdirlandi.
Avvalroq Sodiqov RIA Novostiga “Rosatom” tomonidan Yadro fizikasi institutining VVR-SM tadqiqot reaktori uchun yoqilg‘i yetkazib berilishi respublikaga tinch yadro texnologiyalarining ilg‘or yo‘nalishlarida faol ishtirok etish imkonini berishini ma’lum qilgan edi.
Ko‘p yillardan buyon “Rosatom”ning yoqilg‘i divizioni boshqaruv kompaniyasi “TVEL” AJ hamda Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi instituti yadroviy obyektlarni ekspluatatsiyadan chiqarish va radioaktiv chiqindilar bilan ishlash masalalari bo‘yicha hamkorlik qilib kelmoqda.