Toshkentda O‘zbekiston–Suriya biznes forumi bo‘lib o‘tdi

Tadbirda agrosanoat, oziq-ovqat, qurilish materiallari, farmatsevtika va to‘qimachilik sohalarida biznes orasida doimiy aloqalarni yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.
Sputnik
TOShKENT, 14 fev — Sputnik. Toshkent shahrida ilk bor O‘zbekiston–Suriya biznes-forumi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda UzA.

Forumda sanoat, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, to‘qimachilik, logistika, qurilish, elektrotexnika va turizm sohalaridan 200ga yaqin nafar tadbirkor ishtirok etdi.

Forum doirasida O‘zbekistonga Suriya Arab Respublikasining nufuzli delegatsiyasi tashrif buyurdi. Delegatsiyaga Suriya Savdo palatalari federatsiyasi prezidenti A’la Umar al-Ali boshchilik qildi.
Savdo-sanoat palatasi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbir doirasida ikki xalq o‘rtasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi. Jumladan, agrosanoat, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish va qayta ishlash, qurilish materiallarini ishlab chiqarish va yetkazib berish, farmatsevtika, to‘qimachilik mahsulotlari eksporti, savdo uylari va doimiy shourumlar tashkil etish kabi masalalar muhokama qilindi.
Shuningdek, muntazam ravishda eksport ko‘rgazmalari, yarmarkalar va B2B uchrashuvlarni yo‘lga qo‘yish, suriyalik hamkorlar uchun bozorga kirishning soddalashtirilgan raqamli mexanizmlarini yaratish hamda ayrim tovar pozitsiyalarini yetkazib berishni boshlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.