TOShKENT, 13 fev – Sputnik. Rossiya, AQSh va Ukraina muzokaralarining yangi raundi Jenevada (Shveysariya) bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi.
“Ukraina mojarosini tartibga solishga oid muzokaralarning navbatdagi raundi 17-18 fevral kunlari Jenevada uch tomonlama Rossiya-Amerika-Ukraina formatida bo‘lib o‘tadi”, - dedi Kreml vakili.
Peskovning aniqlik kiritishicha, bu safar Rossiya delegatsiyasiga mamlakat prezidenti yordamchisi Vladimir Medinskiy boshchilik qiladi.
Ukraina bo‘yicha tinchlik jarayoni
Yanvar oxiri va fevral boshida Birlashgan Arab Amirliklarida Moskva, Kiyev va Vashington vakillari ishtirokida xavfsizlik bo‘yicha ishchi guruhning yopiq muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Ular Qo‘shma Shtatlar tomonidan taklif qilingan tinchlik rejasining hal qilinmagan masalalarini muhokama qilishdi.