Sudyalar mol-mulki deklaratsiyasi va ishga olishda shaffoflik: prezident takliflarni ma’qulladi

Sud tizimida “sud ma’murchiligi” institutini joriy etish, intizomiy hay’at tuzish va sudyalar mol-mulkini deklaratsiya qilishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 12 fev — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev Sudyalar oliy kengashi raisining axboroti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Sud mustaqilligini ta’minlash va sudyalarni tashqi bosimlardan himoya qilish uchun Sudyalar oliy kengashi mas’ul hisoblanadi.
Hisobot davrida 59 nafar sudyaning vakolatlari muddatidan ilgari tugatildi. Jumladan, 19 nafar sudya qasamod va odob-axloq talablarini buzgani uchun lavozimidan ozod etildi, 3 nafari jinoiy javobgarlikka tortildi. 58 nafar sudyaning lavozimi pasaytirildi, 266 nafari intizomiy javobgarlikka tortildi. Vakolat muddati tugagan 33 nafar sudya navbatdagi lavozimga noloyiq deb topildi.
Sud faoliyatiga aralashish holatlari bo‘yicha Bosh prokuraturaga 5 ta taqdimnoma kiritildi.
Hududiy sudlar raislari chiqargan 6 mingtadan ortiq buyruq o‘rganilib, 231 tasida 314 nafar sudyaga odil sudlovga daxlsiz vazifalar yuklatilgani aniqlandi va bartaraf etildi.
Sud apparati xodimlari bilan ishlash va tashkiliy masalalar uchun “sud ma’murchiligi” institutini joriy etish bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajriba o‘rganilmoqda.
Shuningdek, Sudyalar intizomiy hay’atini tashkil etish, sudyalar va ularning oila a’zolari mol-mulkini deklaratsiya qilishni joriy etish, komplayens nazoratini kuchaytirish hamda sud apparati xodimlarini ishga qabul qilishning ochiq tartibini yaratish taklif qilindi.
Sud tizimida gender tenglikni ta’minlash masalasi ham muhokama qilindi. Jumladan, 10-mart – Xalqaro ayol sudyalar kunini nishonlash bo‘yicha rejalar belgilab olindi.
Prezident bildirilgan takliflarni qo‘llab-quvvatlab, qator tavsiyalar berdi.
Sudyalar mustaqilligi kuchaytiriladi, kadrlar tanlovi shaffoflashtiriladi - prezident farmoni