TOShKENT, 12 fev — Sputnik. Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi chiqindilarni olib chiqish xizmatlaridagi kamchiliklar hamda asossiz qarzdorlik holatlari yuzasidan Chiqindilarni boshqarish agentligiga so‘rov yubordi.
So‘rov chiqindilarni o‘z vaqtida olib chiqishni ta’minlash, asossiz qarzdorliklarning oldini olish hamda shu sabab elektr energiyasi to‘lovlariga qo‘yilgan cheklovlarni qayta ko‘rib chiqish yuzasidan yuborildi.
Ma’lum qilinishicha, 2025-yilda qattiq maishiy chiqindilarni tashish xizmatlari bo‘yicha 1141 ta murojaat kelib tushgan. 2026-yilning dastlabki oylarida esa bu ko‘rsatkich 850 tadan oshgan.
Murojaatlarda asosan chiqindilar o‘z vaqtida olib ketilmasligi, xizmat sifati pastligi, shartnoma shartlariga amal qilinmasligi va asossiz qarzdorlik hisoblanishi oqibatida elektr to‘lovlariga cheklov qo‘yilgani yuzasidan e’tirozlar bildirilgan.
O‘rganishlar ayrim hududlarda chiqindilarni olib chiqishning belgilangan davriyligiga amal qilinmayotgani hamda fuqarolarga asossiz qarzdorliklar hisoblanayotganini ko‘rsatdi.
Murojaatlarning asosiy qismi Namangan, Qashqadaryo, Jizzax, Toshkent va Farg‘ona viloyatlariga to‘g‘ri kelgan.
Amaldagi qonunchilikka muvofiq, xizmat ko‘rsatilmagan yoki sifatsiz ko‘rsatilgan hollarda iste’molchi tegishli davr uchun to‘lovdan ozod etiladi.