Onkologiyani kamaytirish, yuqori texnologiyali tibbiyot: Rosatom bilan strategiya ishlab chiqiladi

Yig‘ilishda "Rosatom" bilan yadro tibbiyotini rivojlantirish, onkologiyani erta tashxislash va yuqori texnologiyali tibbiy yordamni kengaytirish bo‘yicha strategiya ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi.
Sputnik
TOShKENT, 11 fev — Sputnik. "O‘zatom" agentligida O‘zbekistonda yadro tibbiyotini rivojlantirish istiqbollariga bag‘ishlangan ishchi yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.
Yig‘ilishda Sog‘liqni saqlash vazirligi, tegishli idoralar, yetakchi tibbiyot markazlari va "Rosatom Qurilish Texnologiyalari" divizioni ekspertlari ishtirok etdi.
Rossiya tomoni siklotron komplekslari, radiofarmatsevtika ishlab chiqarishi va PET/KT diagnostika markazlarini tashkil etish bo‘yicha tajribasini taqdim etdi. Shuningdek, "tayyor holda topshiriladigan" infratuzilma loyihalari misol qilindi.
Tomonlar O‘zbekistonda yadro tibbiyotini rivojlantirish bo‘yicha yo‘l xaritasi va strategiyani birgalikda ishlab chiqishga kelishib oldi. Bu texnologiyalar transferi, mutaxassislar tayyorlash va tibbiy xizmat sifatini oshirishga xizmat qiladi.
Loyihalar yadro texnologiyalari asosida onkologik kasalliklarni erta tashxislash va zamonaviy davolash imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.
Ta’kidlanishicha, bunday tashabbuslar prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan faol qo‘llab-quvvatlanmoqda: uning rahbarligida Toshkentda yadro tibbiyoti markazini tashkil etish loyihasi boshlangan. U PET/KT, siklotron, radiofarmlaboratoriya, gamma-pichoq va kiber-pichoq uskunalari bilan jihozlanadi.
Bularning barchasi yuqori texnologiyali tibbiy yordamdan foydalanish imkoniyatini oshirish va og‘ir kasalliklarning oldini olish maqsadida amalga oshirilmoqda.
"O‘zatom" agentligi yadro tibbiyotini rivojlantirish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish va onkologik kasalliklarni zamonaviy tashxislash imkoniyatlarini kengaytirishni qo‘llab-quvvatlamoqda.
O‘zbekistonda radiofarmatsevtika: qanday va kim uchun ishlab chiqariladi