TOShKENT, 10 fev — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev qishloq xo‘jaligida yangi yerlarni o‘zlashtirish va ilm-fanni yangi bosqichga olib chiqishga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
2030 yilgacha 938 ming gektar yaylovlarni yaxshilash rejasi belgilandi. 22 ilmiy markaz, 260 laboratoriya va 2,5 mingdan ortiq olimni Qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasiga birlashtirish, ta’lim-ilm-ishlab chiqarishni uzviy bog‘lash vazifasi qo‘yildi.
Kelgusida 6,8 ming talaba agroklaster va korxonalarda, 2,6 mingdan ortig‘i esa vazirlik tizimidagi 22 ilmiy institutda amaliyot o‘taydi. Fermerlar farzandlarini imtiyozli kontrakt asosida qabul qilish, 7 yo‘nalishda o‘qishni 3-yilga tushirish, talabalarni traktorchi-mashinistlik va agrodronlardan foydalanishga o‘qitish rejalashtirilgan.
2026 yilda 25,5 ming gektar bog‘ va 5 ming gektar uzumzor barpo etilib, 48 ming ish o‘rni yaratiladi. Hozirda import qilinayotgan 60 million dollarlik ko‘chatlarni mahalliy sharoitda, Yevropa standartlari asosida yetishtirish imkoniyati qayd etildi.
Agentlik 200 tadan ortiq virusdan xoli, yuqori hosilli onalik navlar kolleksiyasini yaratgan. Yil yakunigacha shu navlarni ko‘paytirish va hududlarga yetkazish uchun tashkil etilgan majmualarni ishga tushirib, yiliga 27 million dona ko‘chat tayyorlash vazifasi qo‘yildi.
Prezident mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.