TOShKENT, 9 fev — Sputnik. 2026 yilda hududlarni yangicha yondashuvlar asosida rivojlantirish, aholi daromadini oshirish va kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilandi. Bu tadbirlar Prezident qarorida ko‘rsatilgan.
Qarorga muvofiq, Dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan quyidagi moliyaviy instrumentlar joriy etiladi:
Usta dehqonlar uchun subsidiyalar
Har 10 ta xonadonni yuqori daromadli mahsulot yetishtirishga ixtisoslashtirgani uchun — 2 million so‘m;
Mahalladagi xonadonlarning kamida 30 foizini ixtisoslashtirgani uchun — 75 million so‘m.
Bog‘larni yangilash va barpo etish
Tomorqa va ijara yerlarida samarasiz eski bog‘larni rekonstruksiya qilish va yangi bog‘lar barpo etish uchun:
Sertifikatga ega mevali ko‘chat narxining 50 foizi, biroq har bir ko‘chat uchun 30 ming so‘mdan oshmagan miqdorda;
Har bir o‘rnatilgan tirgak (ustun) narxining 50 foizi, biroq 70 ming so‘mdan oshmagan miqdorda;
Har bir sotixga yomg‘ir suvini yig‘ish va (yoki) tomchilatib sug‘orish tizimini o‘rnatish uchun 160 ming so‘mgacha.
Suv tanqis hududlar uchun
Suv ta’minoti og‘ir bo‘lgan joylarda tomorqa va ijara yerlarini sug‘orish maqsadida:
Tik quduq burg‘ilash;
Quvvati 10 kVtdan kam bo‘lmagan quyosh paneli o‘rnatish xarajatlarining 70 foizi, biroq 200 million so‘mdan oshmagan miqdorda subsidiya ajratiladi.