TOShKENT, 5 fev — Sputnik. Armanistonning Yevropa Ittifoqiga yaqinlashish istagi tushunarli, biroq Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) bilan aloqalar mamlakat iqtisodiyoti uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega, dedi Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Aleksey Overchuk.
U bu fikrni jurnalistlar bilan suhbatda Armanistonning Yevropa Ittifoqiga ehtimoliy qo‘shilishi va bu uning YeOIIdagi a’zoligiga qanday ta’sir qilishi mumkinligi yuzasidan bildirgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, YeOII Armanistonning eng muhim iqtisodiy sherigi bo‘lib qolmoqda. Mamlakat Rossiya va ittifoqning boshqa a’zolari, xususan Qozog‘iston bilan savdo aloqalarini faol rivojlantirmoqda.
Shuningdek, YeOII va Eron o‘rtasidagi erkin savdo kelishuvi Armanistonga 85 millionlik bozorga bojsiz kirish imkonini berayotgani qayd etildi. Overchuk bunday aloqalarning uzilishi Armaniston iqtisodiyoti va aholi turmush darajasiga salbiy ta’sir ko‘rsatishini ta’kidladi.
Mazkur masala Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov va Armaniston parlamenti spikeri Alen Simonyan o‘rtasidagi uchrashuvda ham muhokama qilindi.
Lavrov ta’kidlashicha, YeOIIga a’zolik Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish tamoyillari bilan mos kelmaydi.
"Bu sizlarning tanlovingiz va biz uni to‘liq hurmat qilamiz", — dedi u.
Alen Simonyan esa Armaniston YeOIIdan chiqishni rejalashtirmayotganini, ikki yo‘nalishda ham ikkala tomon uchun manfaatli yechim topish mumkinligini qayd etdi.