Internetda haqorat va bezorilik uchun jarima va qamoq jazosi joriy etilishi mumkin

Qonun loyihasida internetda so‘kinish, qurolli to‘qnashuvlarda qatnashishni targ‘ib qilish hamda garov mulkiga noqonuniy tasarruf uchun ma’muriy javobgarlik belgilash taklif etilmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 3 fev — Sputnik. Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida ayrim qilmishlar uchun ma’muriy javobgarlikni joriy etishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ma’qullandi.
Qonun loyihasida quyidagilar uchun ma’muriy javobgarlik belgilash taklif etilmoqda:
telekommunikatsiya tarmoqlari va internetda uyatli so‘zlar bilan so‘kinish, haqoratomuz shilqimlik qilish va jamoat tartibini buzish;
garovga qo‘yilgan mulkni ishonib topshirilgan shaxs tomonidan qonunga xilof tasarruf etish (oz yoki ko‘p bo‘lmagan miqdorda);
o‘zga davlat hududida yoki uning tarafini olib qurolli to‘qnashuvlar va harbiy harakatlarda qatnashishni targ‘ib qiluvchi materiallarni tarqatish, reklama qilish va namoyish etish;
shaxs tomonidan sodir etilgan huquqbuzarlikni targ‘ib qiluvchi materiallarni OAV va internetda tarqatish.
Loyiha mazkur huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlikni aniq belgilashni nazarda tutadi.
"Internet bezoriligi uchun javobgarlik bo‘ladi. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasiga 1-qo‘shimcha bilan, ijtimoiy tarmoqlarda haqorat qilish, kamsitish, jamoat va fuqarolar osoyishtaligini buzadigan yoki shunga o‘xshash harakatlar uchun 5 million so‘mgacha jarima yoki 10 sutka qamoq belgilanmoqda", — deya ma’lum qildi deputat va "Milliy tiklanish" partiyasi yetakchisi Alisher Qodirov.
SI bilan shaxsiy ma’lumotga noqonuniy ishlov berganlik uchun 41 mln so‘mgacha jarima qo‘llanadi