Bolalar orasida semirish ortmoqda — JSST maktablarda sog‘lom ovqatlanish qo‘llanmasini chiqardi

JSST maktablarda sog‘lom ovqatlanishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ilk global tavsiyalarni e’lon qildi. Unda zararli mahsulotlarni kamaytirish va foydali oziq-ovqat ulushini oshirishga urg‘u berilgan.
Sputnik
TOShKENT, 29 yanv — Sputnik. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) tomonidan maktablarda sog‘lom ovqatlanishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ilk global tavsiyalar e’lon qilindi. Bu haqda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
JSST rahbariyati fikricha, umumta’lim muassasalarida sog‘lom ovqatlanishni ta’minlash kelgusida ko‘plab kasalliklarning oldini olishga xizmat qiladi.
Tavsiyalarda maktablarda shakar, tuz va transog‘lar kabi zararli mahsulotlar iste’molini kamaytirish, aksincha meva-sabzavot, yong‘oq, don va dukkakli mahsulotlar ulushini oshirish zarurligi qayd etilgan.
Tashkilot ushbu qo‘llanmani amaliyotga joriy etishda davlatlarga texnik ko‘mak ko‘rsatishni rejalashtirmoqda.
Ma’lum qilinishicha, so‘nggi yillarda bolalar o‘rtasida ortiqcha vazn va semirish holatlari keskin ortib bormoqda. 2025-yilda ilk bor bolalar o‘rtasida semirish ko‘rsatkichi ozg‘inlikdan ancha yuqori bo‘ldi. Har o‘ninchi bola semirishdan aziyat chekmoqda, 391 million nafar bola va o‘smir ortiqcha vaznga ega.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda maktab oshxonalarida o‘quvchilar sog‘ligi uchun zararli mahsulotlar tayyorlanishi va sotilishi taqiqlangan.
Mutaxassis kuzda bolalar sog‘lom bo‘lishi uchun 6 ta muhim tavsiya berdi