TOShKENT, 27 yanv — Sputnik. Ro‘yxatga olish savolnomasini xato yoki to‘liq bo‘lmagan holda to‘ldirgan fuqarolar uchun avtomatik ogohlantirish tizimi joriy etildi. Bu haqda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirining rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, ayrim hollarda savolnoma faqat bir shaxs nomidan to‘ldirilib, u bilan bir xonadonda yashovchi boshqa a’zolar kiritilmayapti. Eslatib o‘tilishicha, qarindoshlik darajasidan qat’i nazar, bir xonadonda yashovchi barcha shaxslar birgalikda ro‘yxatga olinishi shart.
Shuningdek, yer maydonlari, yetishtirilayotgan mahsulotlar, qoramol va parrandalar soni to‘liq ko‘rsatilmaslik holatlari ham aniqlanmoqda. Bunday kamchiliklar axborot tizimi orqali tekshirilib, savolnomani qayta to‘ldirish uchun yuboriladi.
Onlayn ro‘yxatdan o‘tib, sertifikat olgan fuqarolarga platformaga qayta kirib, sertifikat oynasidagi ogohlantirishlarni tekshirish va xatolik bo‘lsa, savolnomani qayta to‘ldirish tavsiya etildi.
Aks holda, 4–28 fevral kunlari mahalla vakillari tomonidan qayta ro‘yxatdan o‘tkazish ishlari amalga oshiriladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, aynan shu ma’lumotlar asosida ta’lim, tibbiyot, ijtimoiy himoya va infratuzilma sohalarida qarorlar qabul qilinadi.