TOShKENT, 27 yanv — Sputnik. O‘zbekistonda atom elektr stansiyasi (AES) qurilishining avval e’lon qilingan muddatlari o‘z kuchida qoladi. Bu haqda “O‘zatom” agentligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, regulation.adliya.uz saytida davlat dasturi hujjat loyihasi e’lon qilinganidan so‘ng ayrim OAVda birinchi beton quyish muddati 2026-yil dekabriga ko‘chirilgani haqida xabarlar tarqalgan. “O‘zatom”ga ko‘ra, hujjatda muddatni ko‘chirish nazarda tutilmagan, loyihadagi sana esa tayyorgarlik va litsenziyalash bosqichlari shu vaqtgacha yakunlanishini nazarda tutuvchi konservativ ssenariyni aks ettiradi.
Shu bilan birga, 2025-yil avgust oyidagi bayonotlarda prezident tomonidan birinchi beton bosqichini 2026-yil mart oyiga mo‘ljallab ishlarni faollashtirish bo‘yicha topshiriq berilgani aytilgan edi.
Agentlik milliy qonunchilik talablari hamda yadroviy va radiatsiyaviy xavfsizlik bo‘yicha xalqaro standartlarga qat’iy rioya qilinayotganini ta’kidladi. Birinchi beton bosqichiga faqat barcha zarur ruxsatnomalar olingandan keyingina kirishilishi qayd etildi.
Ma’lumot uchun, “birinchi beton” — reaktor binosi poydevoriga beton birinchi marta quyiladigan bosqich bo‘lib, shu paytdan loyiha amaliy qurilish jarayoniga o‘tgan deb hisoblanadi.