TOShKENT, 25 yanv — Sputnik.Rossiya sport vaziri Mixail Degtarev boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuvda jismoniy tarbiya va sport sohasida ikki mamlakat hamkorligi bo‘yicha Bayonnoma imzolandi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.
Tadbirda Sport vaziri Adham Ikramov, Milliy Olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov va boshqa rasmiylar ishtirok etdi.
Rossiya delegatsiyasi O‘zbekistonga Osiyo Olimpiya kengashining 46-Bosh Assambleyasi doirasidagi tadbirlarda ishtirok etish maqsadida tashrif buyurgan.
Uchrashuvda 2025-yilda jismoniy tarbiya va sport sohasida Rossiya–O‘zbekiston hamkorligi yakunlari hamda 2026-yilda hamkorlikni yanada rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Tadbirda, shuningdek, 2026–2027 yillarga mo‘ljallangan qo‘shma tadbirlar rejasi imzolandi.
Mixail Degtarev o‘z Telegram kanalida ma’lum qilishicha, uchrashuvda ta’lim sohasidagi hamkorlik, noolimpiya va adaptiv sport turlari, innovatsion va fijital-sport, ommaviy sport hamda GTO majmuasi doirasida tajriba almashish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Ustuvor sport turlari sifatida erkin kurash, dzudo va boks qayd etildi.
Degtarevning ta’kidlashicha, 2026-yilda Rossiyada Islom hamkorlik tashkiloti mamlakatlari sport vazirlari uchrashuvi, paralimpiya va talabalar sportini rivojlantirishga bag‘ishlangan xalqaro forumlar hamda "Rossiya — sport mamlakati" xalqaro forumi bo‘lib o‘tadi. O‘zbekiston tomoni ushbu tadbirlarda faol ishtirok etishga taklif etildi.