TOShKENT, 25 yanv — Sputnik. O‘zbekiston fuqarosining boshi tanasidan judo qilingan jasadi Istanbulning Shishli tumanidagi axlat qutisidan topildi. Bu haqda Turkiyaning Milliyet gazetasi xabar berdi.
Mazkur holat haqida Turkiyaning yana bir qator ommaviy axborot vositalari ham ma’lumot tarqatdi.
Nashr ma’lum qilishicha, Shishli tumanida qog‘oz yig‘ayotgan shaxs axlat qutisi ichida choyshabga o‘ralgan ayol jasadini aniqlagan. Hodisa joyiga politsiya yetib kelib, hududni o‘rab olgan. Keyinchalik tergovga qotillik jinoyatlarini tergov qilish bo‘yicha maxsus guruh jalb etilgan.
Barmoq izlari orqali marhumaning shaxsi aniqlanib, u 37 yoshli O‘zbekiston fuqarosi Durdona Hakimova ekani ma’lum qilingan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, tergov harakatlari davom etmoqda. Hozircha ayolning boshi va kesilgan oyoqlari topilmagan.
Shuningdek, guvohlar ko‘rsatmalari asosida voqea joyida payqalgan gumonlanuvchilar yuzasidan tekshiruv boshlangan. Konteyner yonidan topilgani aytilgan jomadon esa tumanning Bo‘zqurt ko‘chasidan aniqlanib, ko‘zdan kechirilgan.
Turkiya politsiyasi Razvedka boshqarmasi bilan hamkorlikda olib borgan tezkor tadbirlar davomida qotillikda marhumaning yaqin tanishi, uning sevishgani bo‘lgani taxmin qilinayotgan O‘zbekiston fuqarosi gumonlanayotgani ma’lum qilingan. Shuningdek, unga bir sherigi yordam bergani ham gumon qilinmoqda.
Yuzlab kuzatuv kameralari tasvirlari o‘rganilgandan so‘ng, ikki nafar gumonlanuvchi Gruziyaga qochish maqsadida aeroportga yo‘l olgani aniqlangan. Ular 8 soatlik tezkor tadbirlardan so‘ng, mamlakatni tark etishga ulgurmasdan qo‘lga olingan.