Samarqand viloyatida uy xo‘jaliklarining qariyb yarmi onlayn ro‘yxatdan o‘tdi

Samarqand viloyatida aholini ro‘yxatga olish jarayonida onlayn ishtirok darajasi yuqori bo‘lmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 21 yanv — Sputnik. Samarqand viloyatida uy xo‘jaliklarining qariyb yarmi aholini onlayn ro‘yxatga olishdan o‘tdi. Bu haqda Sputnik O‘zbekiston muxbiriga viloyat statistika boshqarmasi mutaxassisi Firdavs Shukurov ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, aholini ro‘yxatga olishning olti kuni davomida Samarqand viloyatida uy xo‘jaliklarining 46,6 foizi census.stat.uz portali orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tkazilgan.
Eng faol ko‘rsatkich Qo‘shrabot tumanida qayd etilgan — 83,4 foiz. Shuningdek, Toyloq tumanida bu ko‘rsatkich 63,7 foiz, Pastdarg‘om tumanida esa 61,4 foizni tashkil etgan.
Samarqand va Kattaqo‘rg‘on shaharlarida esa onlayn ro‘yxatdan o‘tish sur’atlari nisbatan past bo‘lib, mos ravishda 33,9 va 38,4 foiz darajasida qayd etilgan.
15 yanvar kuni O‘zbekistonda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish boshlandi. U 45 kun davom etadi. Dastlabki ikki hafta — 31-yanvargacha xohlovchilar anketani onlayn tarzda mustaqil to‘ldirishlari mumkin. 1−3 fevral kunlari internet orqali ro‘yxatdan o‘tgan respondentlar ro‘yxati va ularning uy manzillari shakllantiriladi. 4-fevraldan 28-fevralgacha ro‘yxatga oluvchilar uyma-uy yurib, planshetlardan foydalangan holda respondentlarning so‘zlaridan varaqalarni to‘ldirishadi.
Aholini ro‘yxatga olishda eng ko‘p berilayotgan savollarga javob berildi