TOShKENT, 12 yanv — Sputnik. Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanidagi o‘quv markazida 20 nafar o‘quvchi zaharlanishi ortidan shifoxonaga yotqizilgani haqida xabarlar tarqaldi. Viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi holat bo‘yicha rasmiy ma’lumot berdi.
Unga ko‘ra, kecha, 11-yanvar kuni haqiqatan Qorako‘l tumanidagi o‘quv markazida tahsil olayotgan 20 nafar abituriyent salomatligi yomonlashishi sabab tuman tibbiyot birlashmasiga olib borildi.
Ma’lum qilinishicha, viloyat hokimining topshirig‘iga muvofiq, sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Elor Oltiyev ishtirokida ishchi guruh tuzilgan. Barcha bemorlar Sog‘liqni saqlash vazirligining tegishli standartlari asosida laborator va instrumental tekshiruvlardan o‘tkazilgan.
Ko‘rilgan tibbiy chora-tadbirlar natijasida barcha bemorlarning ahvoli yaxshilanib, ular ambulator davolanish uchun uyiga javob berildi.
Har bir bemorga hududiy oilaviy shifokor va patronaj hamshirasi biriktirildi. Ayni paytda barchasining ahvoli qoniqarli bo‘lib, shikoyatlari mavjud emas.
Shuningdek, bemorlardan tegishli qon namunalari olinib, belgilangan tartibda ekspertizaga yuborildi. Ekspertiza natijalari yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot taqdim etilishi ma’lum qilindi.