Suriya bilan biznes aloqalar kengayadi: Damashqda yangi kelishuvlarga erishildi

Uchrashuvda Suriya tomoni mamlakat uzoq yillik notinchlikdan so‘ng ochiq iqtisodiy siyosatga qaytib, investitsiya va sanoatni rivojlantirishga katta e’tibor qaratayotganini ta’kidladi.
Sputnik
TOShKENT, 29 dek — Sputnik. 2026 yilning birinchi choragida Suriyaning yirik tadbirkorlaridan iborat delegatsiyaning O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish, shuningdek, biznes-forum va uchrashuvlar o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Kelishuvga O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi (SSP) raisi Davron Vahabov va O‘zbekistonning Kuvaytdagi elchisi Ayubxon Yunusovning Damashq shahriga tashrifi doirasida erishildi.
Tashrif chog‘ida Suriya Savdo palatalari federatsiyasi prezidenti Alaa Omar al-Ali hamda bosh direktori Muhammad Omir al-Homisiy bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston mahsulotlariga, xususan, elektrotexnika, qurilish materiallari va oziq-ovqat sanoati mahsulotlariga Suriya bozorida qiziqish yuqori ekani qayd etildi.
Shuningdek, O‘zbekiston tadbirkorlari kelasi yilda Damashq shahrida o‘tkaziladigan “Damascus International Fair–63” xalqaro ko‘rgazmasida ishtirok etishga taklif etildi.
Eslatib o‘tamiz, 25-noyabr kuni Samarqand viloyati xalq deputatlari kengashining navbatdan tashqari sessiyasida prezident kelgusi yildan Savdo-sanoat palatasining Iroqda 3 nafar, Suriyada esa 2 nafar savdo maslahatchilari ish boshlashini ma’lum qilgan edi.
Prezident Urgut va Samarqanddagi yangi loyihalar va o‘zgarishlarni e’lon qildi