TOShKENT, 26 dek – Sputnik. 25-dekabr kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2026-yil uchun (O‘RQ-1105-son) Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunni imzoladi.
Qonun kelasi yil uchun O‘zbekiston konsolidatsiyalashgan budjetini shakllantirish va ijro etish bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga soladi.
Hujjatga ko‘ra, 1-darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilarga O‘zbekistonning respublika budjetidan ushbu qonunga muvofiq ajratiladigan budjet mablag‘laridan faqat 2026 moliya yili davomida foydalaniladi va ular kelgusi moliya yiliga o‘tkazilmaydi.
2026 yil uchun quyidagilar tasdiqlandi:
mol-mulkni ijaraga beruvchi jismoniy va yuridik shaxslar uchun belgilangan ijara to‘lovining eng kam stavkalari;
tovarlarning ayrim turlari bilan chakana savdo qilish huquqi uchun yig‘imlarning cheklangan stavkalari;
chet davlatlar avtotransport vositalarining O‘zbekiston hududiga kirganligi va uning hududi orqali tranziti uchun yig‘imlarning stavkalari.
2026 yil uchun O‘zbekiston konsolidatsiyalashgan budjeti taqchilligining cheklangan miqdori yalpi ichki mahsulotning 3 foizi miqdorida belgilandi.
Ushbu hujjat Qonunchilik palatasi tomonidan 5-dekabr kuni qabul qilingan hamda Senat tomonidan 18-dekabr kuni ma’qullangan. Qonun 1-yanvardan e’tiboran kuchga kiradi.