TOShKENT, 25 dek – Sputnik. Namanganda 40 ming dollar pora talab qilgan “Ko‘mir ta’minot” MChJ mansabdori qamoqqa olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, “Ko‘mir ta’minot” mas’uliyati cheklangan jamiyati Namangan viloyat filiali boshlig‘i o‘rinbosari o‘zining yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali fuqaroni viloyatdagi tumanlardan birining ko‘mir ombori rahbari lavozimiga tayinlash hamda omborga keluvchi ko‘mir ortilgan yuk vagonlari sonini ko‘paytirib berish evaziga 40 ming dollar talab qilgan.
Joriy yil 6-dekabr kuni u so‘ralgan mablag‘dan 25 ming dollarni filial xodimi orqali olib, tayinlovni ta’minlagan.
Keyinchalik esa qolgan 15 ming dollar hamda 30 ta vagon ko‘mir yuborilgani uchun 7,5 ming dollar, jami 22,5 ming dollarni olgan vaqtida DXX va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan ushlandi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 211-moddasi 3-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdorda pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Ko‘rilgan choralar natijasida aholiga ko‘mir mahsulotlarini o‘z vaqtida va imtiyozli narxlarda yetkazib berish yo‘lga qo‘yildi.